O‘zbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasi
Azim va navqiron Samarqand bugun dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan sayyohlar uchun qiziqarli, taassurotlarga boy maskanga aylanib ulgurdi. Buning natijasi o‘laroq 2023-yilda Samarqand Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) poytaxtiga aylanadi. Kelgusi yili Samarqand UNWTOning 25-assambleyasiga mezbonlik qiladi.
Shu vaqtga qadar sayyohlar viloyatdagi turli tarixiy qadamjolar va boshqa obyektlarni koʼrish uchun tashrif buyurgan boʼlsa, endi ularning safiga “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi va “Boqiy shahar”ni koʼrishga ishtiyoqmand sayyohlar ham qoʼshildi.
Yangi Samarqand ramzi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, anʼanalarni izchil davom ettirgan holda, Samarqandning qadimiy shuhratini tiklash maqsadida oxirgi yillarda uni yanada koʼrkam va obod qilish, chinakam xalqaro turizm markaziga aylantirish boʼyicha keng koʼlamli ishlarni amalga oshirilmoqda. “Silk Road Samarkand” esa ana shu ishlarning bir isbotidir. Markaziy Osiyoda eng yirik sayyohlik majmuasi boʼlgan ushbu markaz biznes, madaniy, tibbiy va gastronomik turizm obyektlarini birlashtiradi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Silk Road Samarkand” Yangi Samarqand va mintaqadagi yangi sayyohlik imkoniyatlarining ramzi sifatida butun Markaziy Osiyoda zamonaviy diqqatga sazovor joyga aylanmoqda.
Nega aynan “Silk Road Samarkand”?
Majmuaning nomi bejizga “Silk Road Samarkand”, yaʼni “Buyuk Ipak yoʼli” deb nomlanmagan. Chunki Samarqand Buyuk ipak yoʼlidagi asosiy manzillardan biri boʼlib xizmat qilgan. Oʼz navbatida bu yoʼl dunyoning koʼplab hududlaridan oʼtgan va dunyo xalqlari orasida har sohada muloqot vositasiga aylangan.
Qayd etish joizki, sayyohlik markazida aynan Buyuk ipak yoʼli davriga doir tarixiy manzaralar, detallar aks ettirilgan. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Аfrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Soʼgʼd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlari bor. Oʼz navbatida bu ana shu davlatlardan kelgan sayyohlarga oʼz mamlakatlari tarixi bilan yana bir bor tanishish imkonini beradi. Tabiiyki, bu xorijlik sayyohlarni oʼziga jalb qiladigan yana bir jihatdir.
“Silk Road Samarkand” majmuasi, Shavkat Mirziyoev taʼbiri bilan aytganda, O‘zbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasiga aylanmoqda.
Yiliga 2 million sayyoh
“Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi yiliga 2 million nafar sayyohga xizmat qilishi moʼljallangan. Sayyohlarni jalb qilish uchun esa bu yerda Samarqanddagi ilk besh yulduzli mehmonxonalar ochildi, noyob yashil bogʼ yaratildi. Qolaversa, bu yerda O‘zbekiston uchun kam uchraydigan daraxt va buta turlari keltirilgan.
Xitoyning “Minyoun Hospitality” mehmonxonalar tarmogʼining ilk mehmonxonalari aynan Samarqandda ochildi. Ulardan biri Ipak yoʼlining O‘zbekiston va Xitoy uchun ahamiyatini ramziy aks yettiruvchi “Silk Road by Minyoun” mehmonxonasidir. Bu yerda xitoy taomlariga qiziqadiganlar uchun maxsus restoranlar faoliti yoʼlga qoʼyilgan. Shu bilan birga, Xitoyning boy madaniyati bilan tanishtiruvchi tadbirlar tashkil yetiladi.
“Boqiy shahar” — o‘tmishga bugunning nigohi
“Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasidan oʼrin olgan “Boqiy shahar” bugun koʼplab mahalliy va xorijlik sayyohlarga mezbon vazifasini bajarmoqda. Bu yerda yuzdan ortiq xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼati ustalari mahalliy oʼzbek kulolchiligining eng boy xazinasi, quvgʼin, ipak, organik yogʼ va giyohlar, milliy liboslar, suvenirlar, soʼzana va gilamlarni namoyish etishmoqda. Shuningdek, shaharda taniqli rassom va dizaynerlarning ustaxonalari va koʼrgazma zallari ham joylashgan.
“Boqiy shahar”ning mayolika kolleksiyasi tarixiy binolardagi mavjud kompozitsiyalarining hech birini takrorlamaydi. Binolar, plitkalar va hatto plitkalardagi barcha elementlar ham noyobdir.
"Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘ining maydoni 17,7 gektar boʼlib, jami 44 ta binoni o‘z ichiga olgan. Majmuada O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan hunarmandlar faoliyat yuritishadi va ular oʼz hududlarining milliy mahsulotlarini targʼib qilishadi. Bu esa xorijlik sayyohlar uchun butun O‘zbekistonning milliy urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlaridan boxabar bo‘lish imkonini yaratadi.
Qaynoq hayot hukmron
Boqiy shaharda o‘tkaziladigan tadbirlar nafaqat mahalliy, balki butun dunyodan kelgan mehmonlarni o‘ziga jalb qiladi. Shahar ko‘chalari doimo hayot bilan toʼlib-toshgan – bu yerda matolar, suvenirlar, sharqona shirinliklar va anʼanaviy taomlar savdosi avjida. Bu yerda siz koʼcha musiqachilari bilan uchrashishingiz, oshiq oʼyini yoki shaxmat oʼynayotgan bolalarni koʼrishingiz, tarixiy miniatyuralarni chizuvchi rassomlarni, raqqosalar, shoirlar, olimlar, zodagonlar va ruhoniylar vakillarini, hukmdorlar va ularning saroylarini, boshqa mamlakatlardan kelgan elchilarni, xalq dostonlari qahramonlarini, adabiy qahramonlarni uchratishingiz mumkin. Bozor maydonlarida aktyorlar, polvonlar, arqonchilar, faqirlar, sehrgarlar, akrobatlar ishtirokida spektakllar o‘tkaziladi.
Boqiy shaharning asosiy aholisi o‘z ustaxonalarida mehnat qilib, shahar mehmonlari bilan suhbatlashishdan, choy berib mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan, o‘z hunarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida suhbatlashishdan doimo xursand bo‘ladigan hunarmandlardir.
“Boqiy shahar”da oʼtmish, bugun va kelajak mussamlashgan. Siz shahardagi tarixiy elementlar orqali oʼtmishga bugunning nigohi bilan nazar solasiz.
Bugun yulduzli Samarqand osmoni ostidagi ajoyib “Boqiy shahar”da koʼplab hunarmandlar yashab, ijod qilishmoqda. Sayyohlar esa nafaqat “Boqiy shahar”, balki “Silk Road Samarkand”ning hayratlanarli manzarasidan bahra olishmoqda. Madaniyat rivojlanmoqda, turizm rivojlanmoqda, hayot yanada qaynoq nuqtalarda davom etmoqda. Yangi O‘zbekistonning Yangi Samarqandida yangicha hayot hukm surmoqda.