Gastroturizm: Mo‘ynoqda “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” festivali o‘tkazildi
Gastroturizm: Mo‘ynoqda “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” festivali o‘tkazildi
Joriy yilning 29-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali o’tkazildi.
Mazkur festival Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23–24-fevral kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Mo'ynoq tumani hokimligi, Qoraqalpoq umumiy ovqatlanish shaxobchalari korxonalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi va boshqa bir qator vazirlik va idoralar tomonidan tashkillashtirildi.
Tadbir davomida mahalliy oshpazlarning baliq taomlarini tayyorlash bo'yicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, oshpazlar o'rtasida o’zaro bellashuv bo’lib o’tdi. Baliqdan tayyorlangan 120 ga yaqin taomlar festival ishtirokchilari va hakamlar e’tiboriga havola etildi.
Biz festival uchun 99 turdagi taomni tayyorladik, — deydi Ellikqal’a tumanidan kelgan bosh oshpaz Elyor Atajanov. — Baliqdan tayyorlangan taomlar xorijlik turistlarga ham ma’qul keldi. Ular bitta baliqdan shuncha taom tayyorlash mumkinligini ko’rib, hayron qolishdi”.
Festival davomida taomlar taqdimotidan tashqari mahalliy hunarmandlarning ko'rgazmalari ham namoyish qilindi. Shuningdek, milliy estrada va folklor ijrochilari, milliy raqs ansambli tomonidan konsert dasturi va boshqa ko'ngilochar tadbirlar taqdim etildi.
“Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali yakunlariga ko’ra 1-o'rinni Beruniy tumani, 2-o'rinni Qo'ng'irot tumani, 3-o'rinni esa Amudaryo tumani egalladi. G’oliblar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, ushbu festival 2018-yildan beri o’tkazib kelinmoqda. Maqsad – Qoraqalpog'istonda, xususan Mo'ynoq tumanida o'ziga xos bo'lgan Gastronomik turizmi salohiyatini keng targ'ib qilish, hududda madaniy va ko'ngilochar tadbirlar sonini ko'paytirish va bu orqali hududga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy turistlarning sonini yanada ko'paytirishdan iborat.