Xorijiy hamda mahalliy sayyohlar orasida O‘zbekiston targ‘ibotiga doir promo-aksiyalarga start berildi
2020-yilning 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar xorijiy sayyohlar orasida “O‘zbekiston haqidagi taassurotlar”, mahalliy sayyohlar orasida ichki va xavfsiz turizmni ommalashtirishga yo‘naltirilgan “Mening sayohatim” promo-aksiyalari eʼlon qilindi. Ularda fuqaroligidan qatʼi nazar, barcha shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Promo-aksiyada ishtirok etish tartibi va shartlari:
- fotosuratlar promo-aksiyada eʼlon qilish ishtirokchining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi;
- Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi (facebook.com/uzbektourism.uz, facebook.com/uzbekistan.tourism) kanallariga hamda Instagram tarmog‘idagi (@uzbekistan.travel) sahifasiga obuna bo‘lish lozim;
- aksiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan (tashrifning aniq davri chegaralanmaydi) xorijiy hamda mahalliy sayyohlar mamlakat hududida sayohati davomida olingan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook va Instagram) sahifalariga #UzbekistanImpressions va #MeningSayohatim heshteglari bilan joylashtirish.
Eslatma: internet tarmog‘ida eʼlon qilinayotgan fotosuratda haqoratlovchi yoki shaʼnga teguvchi so‘zlar bo‘lmasligi hamda ushbu fotosuratlar salbiy tusga ega bo‘lmasligi lozim.
Bir oy davomida tashkil etiladigan aksiya doirasida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda #UzbekistanImpressions va #MeningSayohatim heshteglari bilan joylashtirilgan ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirilib boriladi.
Shakllantirilgan ishtirokchilar ro‘yxatini saralash va tasodifiy g‘olibni aniqlash joriy yilning 30-oktabr kuni onlayn www.random.org generatori orqali Qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
Promo-aksiyaning 2 nafar (har ikkala yo‘nalishda) g‘olibiga tashkilotchilar tomonidan g‘oliblik sertifikati va O‘zbekiston turizm brendi logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alari jamlanmasi topshiriladi.
Shuningdek, aksiya yakuni bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha Komissiya tomonidan tanlangan “Eng yaxshi fotosuratlar” Qo‘mitaning rasmiy veb-saytlari hamda boshqa manbalarda eʼlon qilinadi.
Maʼlumot o‘rnida:
- shartlarga to‘liq amal qilinmagan, jumladan ko‘rsatilgan heshteglardan foydalanilmagan va Qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga aʼzo bo‘lmagan ishtirokchilar nomzodi ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi;
- g‘olib nomzod yuzasidan takliflar promo-aksiya mezonlariga javob bermagan holatlarda komissiya uning sabablarini ko‘rsatmagan holda rad etish huquqiga egadir;
- g‘oliblarga mukofotlarni topshirish marosimini o‘tkazish COVID-19 koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davri tugagach.
Mamlakatimiz hamda xorijiy davlat fuqarolarini shuningdek, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu tashkil etilayotgan promo-aksiyalarimizda faol ishtirok etib, maftunkor O‘zbekiston bo‘ylab yana qayta sayohat qilishga chorlab qolamiz!
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi