O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “Yashil yo‘lak” loyihasi orqali Yevropaga “yashil” energiya eksport qiladi

Bugungi kunda global energetika xaritasida yangi va ulkan strategik yo‘nalish shakllanmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan strategik hamkorlik nafaqat mintaqaviy energetik xavfsizlikni mustahkamlashga, balki global “yashil” transformatsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi tarixiy qadamdir. Ushbu ulkan tashabbus markazida, avvalo, uch qardosh davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi, mustahkam do‘stligi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyati mujassam.
O‘zbekistonning yashil rivojlanish strategiyasi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli va jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar mamlakatning turli hududlarida umumiy quvvati 5 582 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilib, mamlakat aholisi va iqtisodiyoti uchun “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalarining quvvati 3 930 MVtni, shamol elektr stansiyalari esa 1 652 MVtni tashkil etadi. Energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida umumiy quvvati 1 545 MVt bo‘lgan qo‘shimcha 12 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirildi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, faqatgina 2025-yilda quyosh va shamol elektr stansiyalari 10,5 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. 2026-yil boshidan 15-aprelga qadar bu ko‘rsatkich 2,5 milliard kVt·soatdan oshdi va yil yakuniga qadar uni 15 milliard kVt·soatga yetkazish maqsad qilingan. 2030-yilga kelib O‘zbekiston haqiqiy “yashil” energiya markaziga aylanadi: quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 21 GVtga yetadi va mamlakatda ishlab chiqariladigan umumiy elektr energiyasining 54 foizi qayta tiklanuvchi manbalardan olinadi. Natijada har yili 18 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 25 million tonna zararli gaz chiqarilishining oldi olinadi.
Mintaqaviy birdamlik: qardosh davlatlarning strategik tanlovi
Bunday yuksak marralarga erishishda mintaqa davlatlari, ayniqsa yaqin qo‘shnimiz va strategik hamkorimiz Qozog‘iston bilan munosabatlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning yaqinda O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki davlat rahbarlari tarmoqlarni, xususan energetika sohasini rivojlantirishning kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Ushbu do‘stona munosabatlar nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaning energetik barqarorligini ta’minlaydi.
Uch davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon rahbarlarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va do‘stligi tufayli “Yashil yo‘lak” loyihasi amalga oshirilmoqda. 2024-yil may oyida Anglashuv memorandumi bilan boshlangan ushbu yo‘l o‘sha yilning noyabr oyida Boku shahrida o‘tkazilgan COP-29 xalqaro sammitida uch davlat prezidentlari tomonidan imzolangan Strategik sheriklik bitimi bilan yanada mustahkamlandi. Ushbu tarixiy hujjat nafaqat energiya ishlab chiqarish, balki energiya uzatish sohasida ham yangi davrni boshlab berdi.
“Yashil yo‘lak” — kelajak sari amaliy qadamlar
Loyihaning amaliy bosqichlari izchil davom etmoqda. 2024-yil 27-dekabrda imzolangan ta’sis bitimi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonning milliy operatorlari — “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “KEGOC” AJ va “Azerenerji” AJ yagona maqsad yo‘lida birlashdi. 2025-yil boshida Toshkentda Saudiya Arabistoni Qirolligi Energetika vazirligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar loyihaning xalqaro nufuzini yana bir bor tasdiqladi.
2025-yil 1-iyul kuni Bokuda “Green Corridor Alliance” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tashkil etilishi loyiha uchun institutsional asos yaratdi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishga dunyoga mashhur Italiyaning CESI kompaniyasi jalb qilindi va Osiyo taraqqiyot banki bilan imzolangan kelishuvga muvofiq ushbu hujjat 2027-yil boshiga qadar taqdim etiladi. Hozirda uch davlat mutaxassislari CESI kompaniyasi bilan birgalikda loyihaning to‘liq modelini (texnik va iqtisodiy asosini) ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu strategik hamkorlik nafaqat “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish, balki Markaziy Osiyo va Kaspiybo‘yi mintaqasining yagona ekologik toza va raqamli energetika tizimiga o‘tishi uchun ham muhim tayanch hisoblanadi. Davlat rahbarlarining do‘stona irodasi va mintaqaviy birdamlik ruhi kelajakda O‘zbekistonni global energetika bozoridagi eng ishonchli va yirik ishtirokchilardan biriga aylantirishiga shubha yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi