Orol dengizining qurigan tubida yangi ekotizim shakllandi.

20-asr boshlarida Orol dengizi Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘l edi. Ushbu asrning ikkinchi yarmidan boshlab dengizning qurishi natijasida uning tubida yangi cho‘l ekotizimi — Orolqum cho‘li shakllandi. Hozirgi kunda ushbu hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik antropogen cho‘l ekotizimlaridan biri hisoblanadi. Dengiz sathining pasayishi natijasida 60 000 km² dan ortiq suv-botqoq hududlari quruqlikka aylangan.
Ushbu hududda sodir bo‘layotgan ekologik o‘zgarishlar nafaqat iqlim va tuproq tarkibiga, balki biologik xilma-xillikka ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Natijada suv-botqoq ekotizimlariga moslashgan turlar tarqalish hududi keskin qisqardi. Shu bilan birga, Ustyurt platosi va Qizilqum cho‘li o‘rtasida shakllangan Orolqum cho‘li o‘ziga xos va noyob cho‘l ekotizimi sifatida yangi qushlar jamoasining shakllanishiga olib keldi. Shu sababli qurigan dengiz tubida shakllangan cho‘l ekotizimining holatini va uning ornitofaunasini, turlarning ushbu ekotizim biotoplari bo‘ylab tarqalishi va moslashuv mexanizmlarini ilmiy o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti tomonidan “Orolqum avifaunasining hozirgi holati, turlarning atrof-muhit o‘zgarishlariga moslashuvi va muhofaza choralari” mavzusidagi AL-9424104883-R1 amaliy loyihasi doirasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan 94-tanlov talablari asosida ma’qullanib, 2025-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Fanlarni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihaning maqsadi Orolqum cho‘li ornitofaunasi uchun muhim hududlar va biotoplarni aniqlash, turlar xilma-xilligi, atrof-muhit o‘zgarishlariga moslashuvi, biologik xususiyatlari va tarqalishini o‘rganishdan iborat.
Mazkur amaliy loyiha kalendar rejasiga muvofiq, 2025-yil oktyabr–noyabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani hududidagi Orolqum cho‘liga dala ekspeditsiyasi amalga oshirildi. Ornitologik tadqiqotlar ArcGIS dasturi yordamida 10 × 10 km kataklarga bo‘lingan hududlarda olib borildi. Jami 68 ta katak tekshirildi. Shundan 56 ta katakda piyoda transekt kuzatuvlari o‘tkazilib, umumiy uzunligi 140 km bo‘lgan marshrutlar bosib o‘tildi. Qolgan 12 ta katakda nuqtaviy hisoblash usuli asosida kuzatuvlar olib borildi. Hududni kataklar asosida o‘rganish usuli qushlarning biotoplar bo‘ylab tarqalish qonuniyatlarini aniqlash va ularning muayyan landshaft elementlari bilan bog‘liqligini ochib berishda muhim ahamiyatga ega.
Hozirgacha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida qurigan dengiz tubida shakllangan cho‘l ekotizimi quyidagi biotoplarni o‘z ichiga olishi aniqlandi:
Sho‘rxok cho‘llar yuqori tuz konsentratsiyasi bilan tavsiflanadi; bu yerda galofit o‘simlik turlari ustunlik qiladi.
Qumli cho‘llar shamol ta’sirida hosil bo‘lgan barxanlar, yarim mustahkamlangan va mustahkamlangan qumlardan iborat bo‘lib, ularda efemerlar, ko‘p yillik o‘tlar, yarim butalar va butalar uchraydi.
Toshli va shag‘alli cho‘llar Orolqum cho‘lining markaziy qismidagi qadimiy orollar va ularga tutash hududlarni qamrab oladi.
Gilli cho‘llar Orolqum cho‘lining g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismlaridagi ochiq tekisliklardan iborat.
Tepaliklar va chinklar Orolqum cho‘lining g‘arbiy va shimoliy qismlaridagi qadimiy qirg‘oq devorlari va ularga tutash tepaliklarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, ushbu hududning shimoli-g‘arbiy qismida tabiiy ko‘l sifatida saqlanib qolgan Orol dengizi qoldig‘i, shuningdek, janubiy hududlarda kollektor va drenaj suvlari natijasida hosil bo‘lgan bir qator sun’iy suv havzalari mavjud bo‘lib, ular suv qushlari uchun muhim suv-botqoq biotopi hisoblanadi.
Dala tadqiqotlari davomida 6 turdagi biotoplarda 12 turkum va 26 oilaga mansub 91 turdagi qushlarning kuzgi xilma-xilligi, tarqalishi va soni bo‘yicha ma’lumotlar to‘plandi. Qayd etilgan qush turlaridan 13 tasi — Cygnus olor, Cygnus cygnus, Phoenicopterus roseus, Falco cherrug, Haliaeetus albicilla, Aegypius monachus, Circus macrourus, Aquila nipalensis, Aquila heliaca, Aquila chrysaetos, Chlamydotis macqueenii, Limosa limosa va Glareola nordmanni — O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Bundan tashqari, 9 tur Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxatiga, 17 tur Yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) ilovalariga va 28 tur Ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish konvensiyasi (CMS) ilovalariga kiritilgan.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Orolqum cho‘lidagi ornitofauna xilma-xilligi eng yuqori bo‘lgan hududlar Ustyurt platosining sharqiy qismi bilan chegaradosh chinklar bo‘ylab shakllangan qumli cho‘l biotoplariga to‘g‘ri keladi. Ushbu biotop cho‘l va dasht ekotizimlari chegarasida shakllangan bo‘lib, xilma-xil o‘simlik qoplami va turli ekologik guruhlarga mansub qushlar uchun qulay yashash sharoitlari bilan tavsiflanadi.
Shuningdek, kuz mavsumida tepaliklar va chinklar ko‘plab turlar uchun ayniqsa qulay yashash joylari ekani aniqlandi. Toshli-shag‘alli va qumli cho‘llarning qolgan qismlarida qurg‘oqchil sharoitlarda yashashga yuqori darajada moslashgan ixtisoslashgan turlar kuzatildi, sho‘rxok va gilli cho‘llarda esa turlar xilma-xilligi minimal darajada ekanligi qayd etildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, tabiiy ko‘l sifatida saqlanib qolgan Orol dengizi qoldiqlari suvda yashovchi qushlar uchun nisbatan kam ahamiyatga ega, aksincha janubiy hududlardagi sun’iy suv havzalari gidrofil qushlar uchun muhim suv-botqoq yashash muhiti hisoblanadi.
Qurigan Orol dengizi tubida shakllangan Orolqum cho‘li qisqa tarixiy davr ichida noyob yangi cho‘l ekotizimi sifatida vujudga keldi. Olib borilgan tadqiqotlar ushbu hududda turli biotoplar shakllanganini va ular qushlarning tarqalishi hamda xilma-xilligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatdi. Eng yuqori ornitologik xilma-xillik qumli cho‘l biotoplarida kuzatilgan bo‘lsa, sho‘rxok va gilli hududlarda ushbu ko‘rsatkich past bo‘ldi. Tadqiqot natijalari Orolqum hududida qushlar uchun muhim yashash joylarini aniqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti