Маҳаллий маҳсулотлар экспорти ТИВда мухокама қилинди
2022-yil 29-noyabr kuni Tashqi ishlar vaziri V.Norov raisligida Oʻzbekiston Respublikasining tarmoq boshqarmalari, Oliy Majlis Senatining tegishli qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va boshqa idoralar rahbarlari ishtirokida yigʻilish tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlaridagi elchilari videokonferensaloqa orqali bogʻlandi.
Maqsad – Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yilda Yevropa mamlakatlariga eksport hajmini oshirish, shu jumladan, GSP+ imkoniyatlaridan samarali foydalanish hisobiga koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun idoralararo yaqin muvofiqlashtirish va oʻzaro hamkorlikni taʼminlashdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.Norov belgilangan vazifalarga erishish uchun saʼy-harakatlar va mavjud imkoniyatlarni birlashtirish muhimligini taʼkidladi. Yevropa davlatlariga sanoat mahsulotlari eksporti hajmini 700 million dollarga, tovarlar nomenklaturasini 600 nomgacha oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Muloqot davomida Savdo sanoat palatasi raisi D.Vahobov, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi rahbari I.Xaydarov va “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbari F.Boboyev, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori D.Sattarov va boshqalar amaliy tashabbuslar bilan chiqdi.
Oʻzbekistonning Germaniya, Latviya, Italiya va Polshadagi elchilari sertifikatlashtirish va standartlashtirish, marketing, kadrlar tayyorlash, elektron tijorat sohalarida mahalliy eksportchilar salohiyatini mustahkamlash uchun yevropalik hamkorlarni jalb qilish imkoniyatlari bilan oʻrtoqlashdi. Transport-logistika masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R.Alimov mazkur tadbirning muhimligi va dolzarbligini taʼkidlab, senatorlar parlamentlararo diplomatiya orqali maqsadlarga erishishga hissa qoʻshishga tayyorligini maʼlum qildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha idoralararo ishchi guruhini shakllantirish va aniq vazifalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari va muddatlarini oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.