Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahriga Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari rahbarlari tarkibida tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022-yil 24-oktabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Chjin Pxyo bilan uchrashdi.
Janubiy Koreya parlamenti rahbari Markaziy Osiyo mintaqasi Seulning tashqi siyosat strategiyasida Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi asosiy bogʻlovchi sifatidagi ahamiyatini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiyot, moliya, energetika, sanoat kooperatsiyasi, axborot texnologiyalari, elektron hukumat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda erishilgan alohida strategik sheriklik darajasiga yuqori baho berildi.
Koreya tomoniga Oʻzbekiston parlamentida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning barcha yoʻnalishlaridagi loyihalarning samarali amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligida tashkil etilgan maxsus komissiya haqida maʼlumot berildi.
Janubiy Koreya parlamenti Spikeri demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ahamiyatini yuqori baholadi.
Oʻzbekistonning “mamlakatni demokratlashtirish va uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish strategiyasi asoslarini huquqiy jihatdan takomillashtirish jarayonida dolzarb ehtiyoj” boʻlgan konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonini olqishladi.
Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni “xalq” diplomatiyasi va madaniy-gumanitar almashinuvlar yoʻli bilan rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Parlament Spikeri 85 yil davomida respublikamizda istiqomat qilib kelayotgan koʻp millatli birodar oʻzbek oilasining toʻlaqonli aʼzosiga aylangan koreys diasporasini qoʻllab-quvvatlayotgan Oʻzbekiston hukumatiga alohida minnatdorlik bildirdi.