Toshkentda “InnoWeek.Uz 2022” boshlandi
Shu yilning 18-oktabrida “InnoWeek.Uz-2022” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini boshladi. Bu tadbirda keng jamoatchilik va mutaxassislar doiralari uchun ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan innovatsion va investitsiyaviy loyihalar namoyish etiladi.
Bu yil “InnoWeek.Uz-2022” “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Unda 50 dan ortiq xorijiy davlat, 100 dan ortiq kompaniya va 40 dan ortiq xorijiy tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Haftalik doirasida Technoways texnologik taraqqiyot marafonining respublika bosqichi va International Robotics Challenge (IRC) xalqaro robototexnika tanlovi o‘tkazilmoqda.
Haftalikning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev so‘zga chiqib, mamlakatimiz sanoatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda innovatsiyalarni joriy etish, investitsion loyihalarga o‘tishni jadallashtirish, raqamli iqtisodiyot, global iqtisodiy raqobat sharoitida ilg‘or g‘oyalar va innovatsiyalarga tayanadigan mamlakat uchun jadal rivojlanish davom etishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, ko‘rgazma davomida aholi turmush darajasini va iqtisodiyotni yuksaltirishga xizmat qiladigan mahalliy va xorijiy texnologiyalarning yangiliklari namoyish etilishi alohida ta’kidlandi. Ular orasida tadbirkorlik va ijtimoiy soha, moliya-bank sektori, qishloq xo‘jaligi va davlat boshqaruvida foydalanish uchun taklif etilayotgan eng yangi texnologik mahsulotlar, takliflar, noyob loyihalar, tajriba namunalari va ishlanmalar mavjud.
Boshlangan haftalik mahalliy va xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish uchun o‘ziga xos platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan.